Tashkilot haqida

Institut  tarixi

O‘zbekiston Maorif ministrligini taklifiga binoan, Toshkent shahrida 1957 yilda O‘zbekiston Ministrlar Sovetining farmoyishi bilan Toshkent shahar o‘qituvchilar malakasini oshirish instituti tashkil etilgan. Unda fanlar yo‘nalishida 12 ta metodika kabineti bo‘lib, 43 nafarga yaqin metodist- o‘qituvchi va ikki nafar fan nomzodi ishlagan. Institut Toshkent shahar xalq ta’limi Bosh boshqarmasi huzurida faoliyat ko‘rsatadigan ta’lim muassasasi edi. Institutning asosiy vazifasi xalq maorifi tizimidagi o‘qituvchilar va bolalar bog‘chalari rahbarlari hamda tarbiyachilari malakasini oshirish va ularga metodik xizmat ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan.

Institutda maktab direktorlari, ularning o‘rinbosarlari va fan o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim muassasalarining mudirlari, uslubchilar, tarbiyachilar uchun kurslar tashkil etilgan.

Malaka oshirish kurslari tinglovchilarning metod kunlarida, ya’ni darsdan ajralmagan holda tashkil etilgan.

Xozirgi kunda mazkur institut Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish instituti deb yuritiladi.

Institutda rahbarlik qilganlar haqida.

Institutning birinchi direktori Ilyosov Qutbiddin Ilyosovich (1957-1966y) – haqiqiy tashkilotchi, ta’lim boshqaruv tizimini yaxshi tushunadigan rahbarlardan biri sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shuningdek, u bir necha yil tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri, maktab direktori lavozimlarida ishlagan.

  • Aminova Xayriniso (1966-1975y)
  • Kelganov Olimjon (1975 – 1977 y)
  • Saidahmedov Mahmud Saidahmedovich (1977 – 1986y)
  • Oripova Luiza Nabiyevna (1986 -1995y)
  • Shomansurov Shomuxtor (1995 – 1999y)
  • Aliyeva Dinara Abduganiyevna (1999 – 2002y)
  • Yo‘ldoshev Hamidula Qayumovich (2002 – 2013y)
  • Kenjayev Dilshod Mutalibovich (2013-2015y)
  • Taylakov Norbek Isakulovich (2015 – 2016y)
  • Ismatov Ibrohim Shaxriyorovich ( 2016 – k.)

Institut malaka oshirish va qayta tayorlash bilan bir qatorda shahar ta’lim muassasalari uchun metodik ishlar markazi sifatida:

  • Barcha fanlar bo‘yicha uslubiy birlashmalar ishini uyushtirgan;
  • Tuman xalq ta’limi bo‘limlari metodik xizmatini muvofiqlashtirgan;
  • Shahar pedagoglar ilmiy – pedagogik kengashi faoliyatini takomillashtirgan.

Institutda shart – sharoitlar yetarli darajada bo‘lmaganligi hamda tashkil etiladigan kurslarga asosan oliy o‘quv yurtlarining professor – o‘qituvchilari ma’ruzachi sifatida taklif etilganligi sababli aksariyat dars mashg‘ulotlari oliy o‘quv yurtlari bazasida olib borilgan.

Malaka oshirish ishlari metodik faoliyat va nazorat ishlari bilan birga olib borilgan. Bularning barchasi metodistlar zimmasiga mas’uliyat yuklashi bilan bir qatorda shahar ta’lim muassasalarida muammolardan xabardor bo‘lish, ularga har bir maktab hayoti, metodbirlashma faoliyati bilan tanishib borish imkoniyatini berar edi.

O‘sha davrdagi o‘qituvchilar malakasini oshirish institutining moddiy – texnik bazasi yetarli darajada emasdi. Jumladan, bitta eski rusumdagi kompyuter sinfi, eski mebel jihozlari kimyo, fizika va biologiya fanlaridan laboratoriya asbob – uskunalari umuman yo‘q edi, xonalarning jihozlanishi talabga javob bermasdi. O‘quv xonalari yetarli bo‘lmaganligi bois, dars mashg‘ulotlari to‘liq ikki smenada olib borilgan.

Hozirgi vaqtda Institutda 6 ta kafedra, 6 ta bo‘lim faoliyat ko‘rsatmoqda. Kafedralarda 132 nafar professor-o‘qituvchilar (56 nafar asosiy shtatda,    7 nafar o‘rindosh, 69 nafar soatbay), bo‘limlarda 37 nafar xodimlar bo‘lib, kafedralarda 2 nafar fan doktori, professor, 15 nafar fan nomzodi, dotsentlar va 115 nafar katta o‘qituvchi, faoliyat ko‘rsatmoqdalar. 14 nafar xodim “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni egalaridir. Ilmiy salohiyat 24,0 % ni tashkil etadi.

Malaka oshirish kurslarining samaradorligini oshirish maqsadida institutning moddiy-texnika bazasi ham mustahkamlab borilmoqda. Hozirda institutda 217 ta kompyuter mavjud bo‘lib, ulardan 86 tasi ma’muriy xonalarda, qolgan 131 tasi o‘quv auditoriyalari uchun mo‘ljallangan.

Institutda Ilmiy Kengash, rektor huzuridagi kengash va boshqa barcha yig‘ilishlarda kafedra professor – o‘qituvchilarining o‘quv jarayonini takomillashtirish va dars jarayonida yangi axborot kommunikatsion texnologiyalaridan, jumladan, internet tarmog‘idan kengroq foydalanish hamda yangi tahrirdagi Davlat ta’lim standartlari asosida yaratilgan dasturlarning malaka oshirish kurslarida o‘qitilish haqidagi masalalar tahlil qilinib, tegishli vazifalar belgilab olinmoqda.

Bugun

Institut kapital ta’mirlangan, barcha shart-sharoitga ega bo‘lgan 4 qavatli zamonaviy binoda joylashgan, professor-o‘qituvchilarning  samarali faoliyat olib borishini ta’minlovchi normativ baza yaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2012 yil 25 iyuldagi “Xalq ta’limi rahbar va pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 227-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi muassasalari rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash mazmuni hamda sifatiga qo‘yiladigan Davlat talablari”  05.03.2013 yilda O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligidan O̒zDSt 2767:2013 3523-qayd raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziy institutida xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha namunaviy o‘quv reja, dastur, o‘quv-metodik va normativ hujjatlarni ishlab chiqiladi.

Davomiylik malaka oshirishda 4 hafta – 144 soat, masofaviy shakldagi malaka oshirishda 13 hafta – 144 soat, qayta tayyorlashda   28 hafta – 972 soat etib belgilangan.  O‘quv yuklamasining hajmi haftasiga 36 soatni tashkil qilgan. Auditoriya mashg‘ulotlari 80 daqiqa davom etadigan dars juftligi belgilangan.

Axborot-resurs markazining umumiy fondi 13517 dona adabiyotlar hamda  1553 ta elektron resurslardan iborat, 30 o‘rinli qiroatxonaga (126,4 kv.m.) ega. Axborot-resurs markazi 6 kompyuter,   2 printer, 1 skaner bilan ta’minlangan, internet tarmog‘iga ulangan. 2016 yil yanvar-sentyabr oylarida  4126 nafar tinglovchi a’zo bo‘lgan, ulardan 2990 nafari (72,5% ) elektron manbalardan foydalangan.

281 ta kompyuterdan 159 tasi internet tarmog‘iga ulangan,  150 tasi  7 ta kompyuter sinfiga o‘rnatilgan. Mavjud 29 ta o‘quv xonalaridan  17 tasi o‘quv xonasi videoproektor, 10 tasi interaktiv elektron doska (barchasi kompyuter) bilan, shu bilan birga o‘quv xonalardan 14 tasi  doira shaklidagi stollar, flipchartlar bilan ta’minlangan.


Saytda xatoni uchratsangiz, uni belgilab Ctrl+Enter tugmalarini bosing va sayt boshqaruvchisiga xabar bering!